UzVC KIT Forum 2026’da: Markaziy Osiyo venchur bozori rivoji va O‘zbekiston startap-ekotizimining kelajagi haqida

KIT2026

4-5 iyun kunlari Bishkek shahrida axborot texnologiyalari va raqamli innovatsiyalar sohasidagi Qirg‘izistonning eng yirik maydoni hisoblangan KIT Forum bo‘lib o‘tdi. Forum ishtirokchilari orasida UzVC jamoasi ham bo‘lib, unga boshqaruvchi hamkor va bosh direktor o‘rinbosari Abdulazal Toshxo‘jayev vakillik qildi.

Biznes dasturi doirasida “Fondlar fondlari startap-ekotizimlarini qanday o‘zgartirmoqda?” mavzusida panel muhokamasi tashkil etildi. Abdulazal Toshxujayev asosiy spikerlardan biri sifatida ishtirok etib, O‘zbekistonning venchur infratuzilmasini yaratish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. U ilk davlat grantlaridan tortib, to‘laqonli “fondlar fondi” modeligacha bo‘lgan rivojlanish yo‘li haqida so‘zlab berdi.

 

 

Muhokama davomida Abdulazal Toshxujayev O‘zbekiston startap-ekotizimining shakllanish jarayoni, mamlakat so‘nggi yillarda olgan asosiy saboqlar hamda bugungi kunda venchur bozorining keyingi o‘sishini belgilab berayotgan omillar haqida gapirdi.

Uning ta’kidlashicha, ekotizim rivoji tajriba qilish va o‘z xatolaridan saboq olishga tayyorliksiz mumkin emas.

“Xatolar mavjud emas, faqat tajriba bor. Ekotizim rivojlanishi yo‘lida yuz bergan barcha voqealar bugungi bozor shakllanishi jarayonining bir qismiga aylandi”, — dedi u.

 

3

 

Alohida e’tibor startaplarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining evolyutsiyasiga qaratildi. Innovatsion ekotizimni rivojlantirish bo‘yicha ilk qadamlar 2018-2019 yillarda Innovatsion rivojlanish vazirligining grant dasturlari orqali tashlangan edi. Biroq keyingi tajriba shuni ko‘rsatdiki, barqaror bozorni shakllantirish uchun venchur investitsiyalar yanada samaraliroq vosita hisoblanadi. Chunki ular tadbirkorlarni hayotiy biznes-modellar yaratishga va uzoq muddatli o‘sishga yo‘naltiradi.

 

Spiker, shuningdek, bugungi kunda texnologik soha rivojlanishidagi asosiy cheklov kapitalga kirish emas, balki inson salohiyati ekanini ta’kidladi.

“Iqtidorli insonlarni topish investitsiyalarni topishdan ko‘ra ancha qiyin. Shu sababli startaplarning muvaffaqiyat hikoyalari juda muhim ahamiyatga ega. Ular yosh tadbirkorlarni ilhomlantiradi, real imkoniyatlarni ko‘rsatadi va innovatsiyalar madaniyatini shakllantiradi”.

 

6

 

 

Abdulazal Toshxujayev O‘zbekistonning asosiy ustunliklaridan biri sifatida mamlakatning yosh aholisini qayd etdi. Bugungi kunda O‘zbekiston fuqarolarining qariyb 60 foizi 35 yoshdan kichik bo‘lib, bu texnologik tadbirkorlar, muhandislar va startap asoschilarining yangi avlodini shakllantirish uchun noyob imkoniyat yaratadi.

 

Muhokama davomida xalqaro hamkorlik mavzusi ham ko‘tarildi. UzVC vakilining fikricha, ochiq bozorlar va mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi faol hamkorlik innovatsion iqtisodiyot rivojlanishini sezilarli darajada tezlashtirishi mumkin.

“Raqobat va hamkorlik bir-biriga zid emas. Aksincha, aynan ochiqlik va tajriba almashinuvi ekotizimlarning tezroq va samaraliroq rivojlanishiga imkon beradi”.

 

7 11zon

 

Xalqaro tajribalar haqida so‘z yuritar ekan, spiker davlat ko‘magida venchur bozorini rivojlantirishning eng muvaffaqiyatli misollaridan biri bo‘lgan Isroilning Yozma dasturi, shuningdek innovatsiyalar va texnologik tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Janubiy Koreya modelini alohida ta’kidladi.