O‘zbekistonda Techstars’ning rasmiy ochilishi va taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Techstars
Techstars Uzbekistan
5-mart kuni Toshkent shahrida Techstars Uzbekistan dasturining rasmiy ochilishi va taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Ushbu tashabbus mamlakat startap ekotizimini rivojlantirishga qaratilgan xalqaro dastur bo‘lib, UzVC va Hackonnect hamkorligida amalga oshirilmoqda. Ular O‘zbekistonda global Techstars tarmog‘ini taqdim etadi.
Tadbir sanoatning qariyb 150 nafar vakillarini birlashtirdi. Ular orasida davlat va xususiy sektor vakillari, investorlar, bank rahbarlari, biznes hamjamiyatlari vakillari, shuningdek IT va startap ekotizimi yetakchilari ishtirok etdi.
Techstars — startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha dunyodagi eng yirik platformalardan biri bo‘lib, akseleratsiya dasturlari, venchur investitsiyalari va global tadbirkorlar hamjamiyatini birlashtiradi. Tashkilot 2006-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab tadbirkorlar bilan ishlaydi, ularga mentorlik, investitsiyalar hamda xalqaro ekspertlar va investorlar tarmog‘iga kirish imkoniyatini taqdim etadi.
Tashkil etilganidan buyon Techstars dasturlarida 4900 dan ortiq kompaniya ishtirok etgan. Har yili tashkilot akseleratorlari yuzlab startaplarga product-market fit topish, biznesni kengaytirish va investitsiyalar jalb qilishda yordam beradi. Techstars’ning odatiy modeli alohida shaharlarga dasturlar o’tkazish huquqini berishni nazarda tutadi. Biroq UzVC eksklyuziv mamlakat bo'ylab dasturlar o'tkazish huquqini qo’lga kiritdi.
Techstars Uzbekistan dasturining ishga tushirilishi mahalliy tadbirkorlar uchun xalqaro mentorlar tarmog‘i, ta’lim dasturlari hamda global asoschilar va investorlar hamjamiyatiga kirish imkoniyatini yaratadi. Bu esa startaplarga mahsulotlarini tezroq rivojlantirish, yangi bozorlarga chiqish va investitsiyalar jalb qilish imkonini beradi.
Dastur doirasida O‘zbekistonda startaplarni rivojlantirish bo‘yicha bir nechta asosiy formatlar amalga oshiriladi:
Startup Weekend
Uch kunlik xakaton bo‘lib, unda ishtirokchilar jamoalar tuzadi, g‘oyalarni ishlab chiqadi va atigi 54 soat ichida startap prototiplarini yaratadi.
Founder Catalyst
Startaplarning dastlabki bosqichi uchun mo‘ljallangan 10 haftalik onlayn pre-akselerator, u jamoalarga zarur bilimlar, vositalar va mentorlik yordamini taqdim etib, biznesni kengaytirish va investitsiyalar jalb qilishga tayyorlaydi.
Startup Week & Community Lab
Tadbirkorlik hamjamiyatini rivojlantirish va xalqaro ekspertlar bilan tajriba almashishga qaratilgan 5 va 1 kunlik sammitlari.
Startup Digest
Global startap ekotizimi bo‘yicha yangiliklar va tahliliy materiallar to‘plami.
Dastur endigina taqdim etilganiga qaramay, tadbirkorlar tomonidan qiziqish yuqori bo‘ldi. Dastlabki bosqichning o‘zidayoq O‘zbekistondan qariyb 50 ta startap Markaziy Osiyo uchun ilk bor o‘tkazilayotgan Founder Catalyst pre-akseleratoriga ariza topshirdi.
Techstars Uzbekistan dasturining ishga tushirilishi mamlakat venchur infratuzilmasini rivojlantirishdagi muhim qadam bo‘ldi. Bunday xalqaro darajadagi dastur paydo bo‘lishi kuchli tadbirkorlik hamjamiyatini shakllantirishga yordam beradi, global ekspertizaga kirish imkoniyatini kengaytiradi va o‘zbek startaplarining jahon texnologik ekotizimining bir qismiga aylanishiga xizmat qiladi.